Yangiliklar
O`zbekiston 2030 yilga kelib 2 milliard dollarlik venchur sarmoyasini jalb qilishni rejalashtirmoqda
O‘zbekistonda 2030 yilga borib startaplar sonini 5 mingtagacha oshirish rejalashtirilmoqda, bu esa kamida 20 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bu haqda 20 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, 2024–2025 yillarda mamlakatning startap va venchur ekotizimi umumiy qiymati 3,9 milliard AQSh dollariga yetdi. Mahalliy startaplar soni 750 tadan ortiq bo‘lib, ularni 15 ta venchur fondi qo‘llab-quvvatlamoqda, venchur kapitalning umumiy hajmi esa 180 million AQSh dollaridan oshdi. 2030 yilga borib ushbu ko‘rsatkichni 2 milliard AQSh dollariga yetkazish rejalashtirilgan.
Mamlakatda startaplarni qo‘llab-quvvatlashning g‘oya, ishlab chiqish, ishga tushirish va kengaytirish bosqichlarini qamrab oluvchi to‘rt bosqichli tizim joriy etilmoqda. Grantlar, soliq imtiyozlari, qo‘shma moliyalashtirish mexanizmlari va eksport xarajatlarini qoplash choralari ko‘zda tutilgan.
“Biz kamida 1 million AQSh dollaridan yuqori qiymatga ega 500 ta startap loyihasini, 10 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan kamida 100 ta startapni va 100 million AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan kamida 25 ta startapni ta’minlash vazifasini qo‘ydik. Prezident qarorlar qabul qilish bilangina cheklanmasdan, ushbu tashabbuslarni keng targ‘ib qilish va ommalashtirishni ta’minlashni topshirdi”, — dedi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida.
Shuningdek, vazir Prezident tomonidan sun’iy intellekt sohasida texnologiyalardan foydalanishda suiiste’molliklarning oldini olishga qaratilgan qonun imzolanganini ma’lum qildi. “Bungacha sun’iy intellekt nima ekani, u qanday ishlashi va qaysi sohalarda qo‘llanilishi mumkinligi bo‘yicha aniq asosiy tushunchalar hamda tegishli huquqiy baza mavjud emas edi”, — deya ta’kidladi Shermatov.
Sun’iy intellektdan foydalanishni kengaytirish doirasida mamlakatdagi 15 ta yetakchi oliy ta’lim muassasasida laboratoriyalar tashkil etish rejalashtirilgan. U yerda bitiruvchilar sun’iy intellekt sohasida yetakchi sertifikatlarini olishi va kasbiy yo‘nalishda kamida bitta xorijiy tilni bilishi talab etiladi. MyGov.uz portaliga kamida 100 ta raqamli xizmat qo‘shiladi.
Prezident 50 dan ortiq xizmatlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, Yagona aholi reyestrini yaratish hamda biznes ochish, yakka tartibdagi tadbirkorlar xodimlarini hisobga olish, bank kartalarini rasmiylashtirish, SIM-kartalar olish, shuningdek sug‘urta va reklama xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Shuningdek, davlat rahbari mamlakat hududlarida 5G texnologiyalari, yuqori tezlikdagi internet va sun’iy yo‘ldosh aloqasini keng joriy etish zarurligini ta’kidladi.
Ushbu chora-tadbirlar iqtisodiyotni kompleks raqamlashtirishni ta’minlash va O‘zbekistonda innovatsion kompaniyalarni keng miqyosda rivojlantirish uchun sharoit yaratishga qaratilgan.
Manba