Yangiliklar
O‘zbekiston va Malayziya sun’iy intellekt va katta ma’lumotlarni boshqarish sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda
Uchrashuvda O‘zbekiston davlat universitetlari bilan oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.Malayziya tomoniga O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Axborot kommunikatsiyalari, raqamli texnologiyalar, kiberxavfsizlik sohalarida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma fakultet ochish, o‘qituvchi va talabalar almashinuv dasturlarini amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar qayd etildi.
Malayziya universiteti vakili O‘zbekistonning yetakchi universitetlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha talabalar almashinuvi va sun’iy intellekt, axborot texnologiyalari va katta ma’lumotlarni boshqarish sohalarida o‘qituvchilar tayyorlash imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Diplomatlar, shuningdek, universitetning kiberxavfsizlik, moliyaviy monitoring va ma’lumotlarni boshqarish kabi qator yo‘nalishlarda talabalar ishtirokida real vaqt rejimida ishlaydigan zamonaviy raqamli texnologiya uskunalari bilan jihozlangan laboratoriyalarini ham ko‘zdan kechirdi.