Yangiliklar (for all)
Neft-gaz bozori barqarorligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev neft-gaz bozorida barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini uglevodorod resurslari bilan uzluksiz taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi taqdimot bilan tanishdi.
Ishlab chiqarish quvvatlarining kengayishi, aholining talabi ortib borayotgani tabiiy gaz va neft mahsulotlariga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bunday sharoitda ichki bozorni zarur resurslar bilan barqaror ta’minlash, mavsumiy ehtiyojlarni oldindan hisobga olish, narxlarning asossiz oshib ketishining oldini olish nihoyatda muhim.
Taqdimotda neft va gazni qazib olish, import qilish, qayta ishlash, saqlash va iste’molchilarga yetkazib berish holati o‘rganildi. Tarmoqlar va hududlar ehtiyojlarini to‘g‘ri hisoblash, ichki talabni ustuvor ta’minlash va yetkazib berish jadvaliga qat’iy rioya qilish zarurligi ta’kidlandi.
“O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida tabiiy gaz qazib olishning barqaror sur’atlarini saqlash, mavjud konlar salohiyatidan samarali foydalanish va yangi quduqlarni o‘z vaqtida ishga tushirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Avgust oyida 27 quduqni ishga tushirish rejalashtirilgan. “Yangi Kultak”, “Niyoz”, “Qoratov”, “Marvarid” va “Tegirmon” konlarida ishlar olib borilishi hisobiga qoʻshimcha ravishda 887 ming kub metr tabiiy gaz ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Quduqlarni burg‘ilashdan tortib, ularni gaz tashish tizimiga ulashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar ustidan kundalik nazoratni o‘rnatish, shuningdek, elektr ta’minoti va ishlab chiqarish infratuzilmasining uzluksiz ishlashini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.
Neft-gaz sanoati korxonalarini xomashyo bilan bir xilda ta’minlash, mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, shuningdek, ichki bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hududlarga uglevodorod resurslarini o‘z vaqtida yetarli hajmda yetkazib berish, zarur zaxiralarni erta shakllantirish, shuningdek, mahsulot ishlab chiqarish, tashish va sotish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini ta’minlash zarurligi qayd etildi.
Narxlar barqarorligini ta’minlash uchun bozorda talab darajasida taklifni ta’minlash, mahsulotlarni talabdan kelib chiqqan holda birja auktsionlariga qo‘yish, shuningdek, ishlab chiqarish va logistika xarajatlarini kamaytirish muhimligi ta’kidlandi. Resurs yetkazib berishni asossiz cheklash, sun’iy taqchillik yaratish holatlari va narxlarni oshirishga qaratilgan harakatlarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan nazorat o‘rnatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ichki bozorda talab va taklif mutanosibligini ta’minlash, uglevodorod resurslarini yetkazib berishda uzilishlar va narxlarning asossiz oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatiga neft va gaz qazib olish bo‘yicha belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining qat’iy bajarilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi. Yil yakuniga qadar suyultirilgan gaz qazib olish hajmini rejalashtirilgan 520 ming tonna o‘rniga 606 ming tonnaga yetkazish bo‘yicha topshiriq berildi.
Ichki bozor ehtiyojlarini har kungi tahlil qilish, ta’minot sohasidagi xatarlarni barvaqt aniqlash, zarur chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ko‘rish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Manba